5 min read

Startap uchun sarmoya topish: pDaftar tajribasi va real maslahatlar

Startap uchun sarmoya topish: pDaftar tajribasi va real maslahatlar

Assalomu alaykum. Men Murod Parmonov, pDaftar startapi asoschisiman.

Dasturchi sifatida doimo yangicha yechimlar yaratib, odamlarning hayotini yengillashtirishni xohlaganman. Ish jarayonida ko‘plab kichik biznes egalarining qarzlarni qayd etish, eslab qolish va tartibga solishda qiyinchilikka duch kelayotganini kuzatdim. Shu muammolarni bartaraf etish uchun sodda, qulay va ishonchli dasturiy vosita yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Natijada pDaftar loyihasi vujudga keldi - u hozirgi kunda kichik bizneslar uchun qarzlar va hisob-kitoblarni avtomatlashtiruvchi qulay vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Men quyida pDaftarning paydo bo‘lishi, sarmoya izlash jarayonida orttirgan tajribalarim hamda yosh startapchilarga foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan xulosalarimni hikoya qilib berishga harakat qilaman.

Frilanserlik va ish hayotidagi charchoq

Taxminan 3 yil davomida frilanser sifatida ishladim. Keyin 1,5 yil chet el kompaniyasida xodim bo‘lib mehnat qildim. Shu davr mobaynida 4-5 oylik maoshimni tejab qo‘yganim sababli, yollanma ishdan bo‘shab, biroz dam olish va jamg‘argan mablag‘imni asta-sekin sarflab vaqtinchalik tanaffus qilishga qaror qildim.

Ishdan ketishimdan oldin o‘quv kursini tugatgan bir nechta yosh dasturchilarni atrofimga to‘plab, o‘zimni loyiha rahbari sifatida sinab ko‘rishga qaror qildim. Ular bilan ishlash uchun oylik maoshimdan 100-200 dollar ajratardim. Bu jarayon men uchun birinchi jiddiy boshqaruv tajribasi bo‘ldi.

2024-yil 9-martda turmush qurganimdan so‘ng ikki hafta o‘tar-o‘tmas ishdan bo‘shadim. Sakkiz soatlik muntazam ish tartibi meni toliqtirib qo‘ygan edi. O‘zimni o‘nglab olish, do‘stlar bilan vaqt o‘tkazish va dam olish istagi kuchayib borardi. Ichimda qandaydir startap boshlash niyati ham bor edi. Agar bu rejam amalga oshmasa, yangi texnologiyalarni o‘rganib, yaxshiroq ish topaman yoki frilanser sifatida faoliyatimni davom ettiraman, deb o‘ylardim.

Birinchi qadamlar va WeRise’da kutilmagan natija

Ko‘p o‘tmay WeRise akseleratorida qatnashishga ariza berdim va u yerda 3-o‘rinni egallab, 5000 dollar miqdoridagi grantni qo‘lga kiritdik. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan natija edi. To‘g‘risini aytsam, grantni olish-olmaslik masalasida ancha ikkilandim, chunki kompaniya ochish zarurligi va keyinchalik hisobot topshirish majburiyati meni xavotirga solardi.

Bu mablag‘ esa bizga jamoani bir necha oy davomida oylik maosh bilan ta’minlash va pDaftarni rivojlantirish imkoniyatini berdi.

pDaftar ikki marta "o‘lib", qayta tirilgan loyiha

Aslida pDaftar loyihasi ikki marta deyarli yopilish arafasidan qaytgan edi. Bir paytlar barcha yosh dasturchilarni ishdan bo‘shatib, loyiha faoliyatini tugatmoqchi ham bo‘lganman. Lekin bozordagi imkoniyatni va shu paytgacha qilgan ishlarimizni ko‘rib, bunga jur’at etolmadim. Oxir-oqibat, 10 ming dollargacha qarz olishimga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, loyihani davom ettirishga qat’iy qaror qildim.

Ikki yildan beri men bilan ishlaydigan tadbirkor mijozim bilan yaqindan tanish bo‘lib qolgandik. U ham menga ishonib, imkon qadar yordam beradigan bo‘ldi. Shundan so‘ng zarur bo‘lgan mablag‘ni olib, ishlashni davom ettirdim.

2024-yil oktyabr: pDaftarning birinchi katta chiqishi

Nihoyat, 2024-yil oktyabr oyida "ALPHA-BETA-GAMMA" versiyali ilk yirik relizimizni chiqardik. Va birinchi pullik sotuvimizni uyimiz yaqinidagi taxta bozorida joylashgan Vero santexnika do‘koniga 20 dollarlik sotuvchi obunasi orqali amalga oshirdik.

O‘sha paytda sotuvchi obunasini sotish orqali daromad qilishni o‘ylagandik. Keyinchalik bu fikrimiz pishiq emasligini angladik. Shundan so‘ng, SMS xizmatiga asoslangan tariflarni ishlab chiqib, 2025-yil mart oyida butunlay yangilangan versiyani bozorga taqdim etdik

Sarmoya izlash va dastlabki takliflar

Aynan shu yangi relizni chiqarish arafasida angel-investorlar va investitsiya masalasiga jiddiy qiziqib yurgan edim.Shu orada investitsiya olish umidida bir necha investorlar bilan bog‘landim. 7-10 kun ichida taqdimot tayyorlab, Akmal Payziyev, Baxrom Abdukadirov, Abduqahhor Toshmuhammedov, Otabek Suvonov, Farrux Maksumov (CS-angels)ga yubordim. Ular o‘z tajribalariga ko‘ra fikr va maslahatlarini aytishdi. 

Baxrom aka Abdukadirov jamoasi bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Mahsulot hali to‘liq bo‘lmasa-da, ular 10 ming AQSh dollariga 10% ulush taklif qilishdi. Ichimda xursand bo‘lsam-da, taklifni qabul qilmadim. Chunki qimmatroq narxda baholanishi mumkin ekanini bilardim.

Bundan oldinroq All4market (Diyorbek) asoschilari pDaftarni butunlay 10-12 ming dollarga sotib olishga qiziqishgan edi. O‘shanda "rozi bo‘lsammikin?" deb ham o‘ylab yurgan paytlarim bo‘lgan - hech bo‘lmaganda sarflagan pullarimning bir qismi qaytardi.

Plug and Play - fikrimni butunlay o‘zgartirgan bosqich

2025-yil mart oyidagi katta relizdan so‘ng, Baxrom Abdukadirov va Farrukh Maksumovning tavsiyasiga ko‘ra, Plug and Play dasturiga ariza topshirgan edim. Bir muddat o‘tgach, qabul qilinganim haqidagi xabarni oldim. Bu men kutmagan, ammo aynan kerak bo‘lgan imkoniyatlardan biri bo‘ldi.

Shundan so‘ng, uch oy davom etgan Plug and Play’ning to‘rtinchi bosqichi doirasida Toshkentga borib o‘qidim. Plug and Play o‘z sohasida tajribali, Google va turli davlatlardan yirik kompaniyalar mutaxassislarini taklif qilib, marketing, UX(user experience) va boshqa sohalar bo‘yicha juda qimmatli seminarlar o‘tkazdi.

Barcha ma’lumotlarni bir xil darajada tushunib yetmadim - taxminan yarmini angladim, xolos. Ammo bu jarayon fikrlash doiramni kengaytirdi deya olaman. Chiqargan xulosalarimdan biri shuki, taslim bo‘lish emas, balki katta, hatto milliard dollarlik kompaniya qurishni maqsad qilib qo‘yaverish kerak ekan. Men o‘zimni milliard dollarlik kompaniya rahbari sifatida hali tasavvur qila olmasam-da, bir necha o‘n million dollarlik kompaniya yaratishim mumkinligiga ishonch hosil qildim.

Plug and Play kursi davomida - yoki undan oldin, (aniq eslay olmayman) - Startup Garage bilan ham qiziqib qoldim. O‘sha paytda pullik bo‘lgani uchun ularga pul sarflashni  xohlamadim.

AloqaVenturesdan sarmoya

Keyinchalik esa AloqaVentures’ga ariza topshirdim. Kurs tugashiga yaqin ular men bilan bog‘lana boshlashdi va suhbatlar, hujjatlar, ma’lumot to‘plashlar taxminan 3-4 oy davom etdi.

 Ular:

  • jamoamiz tarkibi;
  • ularning ma’lumoti va tajribasi;
  • hamkorlik qilganim frilanser mijozlar;
  • pDaftar foydalanuvchilari va sotuvlar;
  • mening maqsadlarim va qanday ko‘lamdagi kompaniya qurishni rejalashtirganim (javob sifatida "$1 mlrdlik kompaniya" deyaverish kerak ekan))
  • pDaftar qanday paydo bo'lganligi tog'risida so'rashdi. 

Zoom orqali 2 marta suhbatlashdik. Baholashni har safar 1 million dollardan oshiq aytardim. Toshkentdagi uchrashuvda ular fikrimni o‘zgartirishdi. Oxir-oqibat 600 ming dollarlik baholash bilan kelishuvga erishdik. Keyingi yakuniy bosqichda esa uni 500 mingga tushirishdi. 20 ming dollar sarmoya kiritishlarini aytishdi. Shuncha mehnatim zoye ketmasin deb rozi bo‘ldim.

So‘ng Toshkentga bordim - bir kun ichida mablag’ni o‘tkazib berishdi. Mening tushunishimcha, pulni tashlab berish eng oson qismlardan biri bo‘ldi.

pDaftar’ning bugungi holati haqida

Investitsiya jalb qilganimizdan so‘ng to‘lov tizimlarimizni yangiladik. Endi foydalanuvchilar avval pDaftar ilovasidagi hisobini to‘ldiradi, keyin ilova ichida turli xizmatlar uchun xarajat qiladi. 2025-yil noyabr oyida bizning shu yo‘nalishdagi sotuvlarimiz 1500 dollarni tashkil etdi. Maqsadimiz esa ushbu ko‘rsatkichni 5000 dollarga yetkazish.

Xulosa

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsam, agar vaqt ortga qaytsa, xodimlarni ertaroq almashtirib, tajribaliroq mutaxassislarni jalb qilgan bo‘lardim. Chunki o‘sha 5000 dollar grantni va o‘z cho‘ntagimdan sarflangan pullarni ancha tejab, samarali ishlatgan bo‘lardim.

Quyida yosh startapchilar uchun umumiy xulosalarimni ham keltirib o‘taman:

  • "To‘g‘ri xodim/sherik/jamoa a’zosi bilan ishlayapmanmi?" degan savolni faqat ishga olish jarayonida emas, balki vaqti-vaqti bilan o‘zingizga berib turish kerak ekan.Agar kim bilandir xayrlashish kerak bo‘lsa, buni erta qilganingiz ham startapning, ham o‘zingizning rivojlanishingizni tezlashtiradi. Darvoqe, ko‘p hollarda xodimning erta ishdan ketishi uning o‘z o‘rnini topishiga ham yordam beradi.
  • Jamoada mukammallikka intiluvchi odam bo‘lishi kerak, lekin hammasi emas. Chunki bitta ortiqcha mukammallikka intiluvchi ham chiqishi kerak bo‘lgan funksiyaning kechikishiga sabab bo‘lishi mumkin.
  • O‘zbekistonda imkon qadar ko‘proq investitsiya jalb qilish foydali, ammo juda kam yoki aksincha, haddan tashqari ko‘p investitsiya olish startapning rivojlanishini sekinlashtirishi yoki butunlay izdan chiqarishi ham mumkin.
  • Investitsiyani to‘g‘ri investorlar va munosib vaqtni tanlagan holda jalb qilishni maslahat beraman. Bu sizning hozirgi vaziyatingizga - jamoangiz salohiyati va siz yaratayotgan mahsulot (startap)ning xususiyatlariga bevosita bog‘liq.

Muallif: Murod Parmonov

Mehmon maqola muallifining fikri tahririyat yoki blog egalarining nuqtayi nazari bilan mos kelmasligi mumkin.