Smart ID kartalar: Raqamli xavfsizlik sari muhim qadam
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bank tizimida raqamli xizmatlar jadal sur’atda rivojlanmoqda. Mijozlar ko‘plab operatsiyalarni bajarish, xususan, hisob ochish yoki kredit olish uchun bankka borishga ehtiyoj sezmay qo’ygan. Shunga qaramay, ayrim an’anaviy amaliyotlar - yani, mijozning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasini talab qilish yoki uni skanerlab saqlab qo‘yish kabi jarayonlar hanuzgacha ko‘plab banklar va davlat idoralari tizimida saqlanib qolgan.
Bu esa bir qarashda xavfsizlik chorasi sifatida ko‘rilsa-da, aslida ma’lumotlar xavfsizligi, shaxsiy hayot daxlsizligi va raqamli transformatsiya tamoyillariga zid vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Chunki shaxsni tasdiqlovchi hujjat - bu faqatgina uning kim ekanini tasdiqlovchi vosita emas, balki unda fuqaroning yashash manzili, JShShIR, tug‘ilgan sanasi va boshqa maxfiy ma’lumotlar mujassam bo‘ladi. Agar bu ma’lumotlar noto‘g‘ri saqlansa yoki ruxsatsiz begona qo‘llarga tushsa, kiberjinoyatlar, moliyaviy firibgarliklar yoki shaxsni soxtalashtirish orqali turli operatsiyalar amalga oshirilishi xavfi ortadi.
Aslida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan nusxa olish tartibi tijorat banklarining o‘z ixtiyori bilan belgilanmaydi - bu O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Banklar bu nusxalarni saqlashni asosan xalqaro xavfsizlik standartlariga tayanib, AML va KYC talablariga binoan amalga oshiradi.
AML va KYC talablari
AML (Anti-Money Laundering) - noqonuniy yo‘l bilan topilgan mablag‘larning bank va boshqa tizimlar orqali qonuniy daromad sifatida ko‘rsatilishining oldini olishga qaratilgan qonunlar, qoidalar va amaliy choralardir. Bu tizim jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘larni aniqlash va ularning qonuniylashtirilishiga to‘sqinlik qiladi.
Misol uchun, kimdir noqonuniy yo‘l bilan katta miqdorda pul topib, bu mablag‘ni o‘z bank hisobiga o‘tkazmoqchi bo‘lsa, bank xodimi pul manbasini sinchiklab tekshiradi. Agar hujjatlar yoki tushuntirishlar shubha uyg‘otsa, bu amaliyot darhol to‘xtatiladi va tegishli ma’lumotlar moliyaviy nazorat idoralariga yuboriladi. Shunday qilib, tizim qonunga xilof mablag‘larning iqtisodiy aylanmaga kirib qolishining oldini oladi.
KYC (Know Your Customer) - bu tizim banklar va boshqa moliyaviy muassasalarga o‘z mijozlarini aniqlash, ularning daromad manbalari hamda faoliyatiga oid ma’lumotlarni o‘rganish orqali xavf darajasini baholash imkonini beruvchi tartib-qoidalar majmuidir. Uning asosiy maqsadi firibgarlik, terrorchilikni moliyalashtirish yoki qonunga xilof operatsiyalarning oldini olish uchun mijoz haqida to‘liq va ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish hisoblanadi.
Masalan, agar kimdir bankda hisob ochmoqchi bo‘lsa, KYC talablari asosida undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, yashash manzili yoki daromad kelib chiqishiga oid ma’lumotlar talab qilinadi. Shu yo‘l bilan bank kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli yoki shubhali amaliyotlarni erta aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda ID karta nusxasini nafaqat banklar, balki davlat tashkilotlari, mehmonxonalar, ish beruvchilar, uy yoki avtomobil ijarasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ham talab qiladi. Bu esa fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizlik darajasini pasayishiga sabab bo’ladi. Chunki hujjat nusxalari ko‘p hollarda to‘g‘ri himoyalanmaydi yoki uchinchi shaxslar qo‘liga tushib, noqonuniy maqsadlarda ishlatilishi mumkin.
Smart ID kartalar
Xalqaro tajribada esa bunday amaliyot o‘rnini raqamli identifikatsiya tizimlari, xususan Smart ID kartalar egallamoqda. Bu tizim shaxsni aniqlashda qog‘oz nusxalarga tayanmay, balki maxsus chip va maxfiy ma’lumotlar bazasi yordamida uni elektron tarzda tasdiqlaydi.
Masalan, Estoniya, Latviya, Finlyandiya va BAA kabi mamlakatlarda Smart ID kartalar fuqarolarga bank operatsiyalaridan tortib davlat xizmatlarigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni PIN-kod yordamida xavfsiz tarzda amalga oshirish imkoniyatini beradi.
RIA saytida ta’kidlanishicha, Smart-ID Estoniyaning raqamli identifikatsiya tizimidagi eng qulay, xavfsiz va tez ishlaydigan vositalardan biridir. Fuqarolar hech qanday hujjat nusxasini taqdim etmasdan, istalgan joydan o‘z shaxsini ishonchli tarzda tasdiqlashi mumkin bo’ladi.
Xorijiy tajribalar ushbu tizimning samarali ishlashini tasdiqlaydi. Xo‘sh, bunday tizimdan qanday foydalanish mumkin?
Smart ID kartalar qanday ishlaydi

Bankka yoki boshqa xizmat ko‘rsatuvchi joyga kelganingizda, Smart ID kartangizni ko‘rsatasiz. Xodim kartani maxsus qurilma orqali tekshiradi. ID karta sizga tegishli ekanligini tasdiqlash uchun sizdan PIN kod yoki barmoq izingiz talab qilinadi. PIN kodni kiritib, shaxsingizni tasdiqlaysiz. So'ngra sizga tashkilot talab qilingan xizmatni ko'rsatadi. Hech qanday ID kartadan nusxa olish talab qilinmaydi. Barcha ma’lumotlar o'sha tashkilotda emas emas, balki maxsus markaziy ma’lumotlar bazasida saqlanadi.
Onlayn xizmatlardan foydalanish uchun ikkinchi maxsus kod mavjud bo'lib, u orqali foydalanuvchi davlat yoki bank xizmatlaridan masofadan turib xavfsiz tarzda foydalanishi mumkin. Davlat va ko’plab xususiy tashkilotlar ushbu tizim orqali sizni tez va ishonchli tarzda aniqlab, xizmatlarni yanada osonroq taqdim etadi.

Smart ID kartaning yana bir foydali tomoni siz karta yordamida xohlagan paytda shaxsiy kabinetingizga kirib, kartangiz qayerda va qachon ishlatilganini ko‘rishingiz mumkin bo'ladi. Sizning shaxsiy kabinetingizdagi ma'lumotlar yuridik kuchga ega bo'lib biror bir noxush holatlarda ulardan foydalanishingiz mumkin bo'ladi.
Agar Smart ID kartani yo'qotib qo'ysangiz uni xuddi bank kartasi kabi bloklash mumkin bo'ladi. Siz onlayn tarzda yoki tegishli tashkilot bilan bog'lanib kartangizni bloklaysiz va boshqalar undan foydalana olishmaydi, hattoki sizni PIN kodingizni bilishgan taqdirda ham.
Ishonchnomalarni oson boshqarish
Agar Smart ID kartalar joriy qilinsa eng ko'p uchraydigan salbiy holat bu kartani boshqa shaxslarga berib yuborish bo'lishi aniq. Vaqtni tejash yoki biror bir xizmatni tushunmaslikni sabab qilib ID kartani boshqa shaxslarga PIN kod bilan berish salbiy holatlarga guvoh bo'lamiz. Bunday holatlarni oldini olishni eng oson yo'li onlayn ishonchnomalar hisoblanadi.
Ishonchnoma - bu bir shaxsga boshqa bir shaxs nomidan ma’lum bir ishni yoki xizmatni belgilangan muddatda bajarish huquqini beruvchi rasmiy hujjat hisoblanadi. Hozirda ishonchnomalarni boshqa shaxslarga faqat notarius orqali berish mumkin, lekin bu har doim ham qulay bo'lmasligi mumkin. Smart ID kartalar yordamida onlayn ishonchnoma berish imkoniyati mavjud bo'ladi.
Onlayn tarzda ishonchnoma smart IDdan foydalanib, davlat yoki xususiy xizmat turini hamda ishonchnomaning amal qilish muddatini belgilab, onlayn tarzda rasmiylashtiriladi. Masalan, buxgalterga soliq hisobotini topshirish, advokatga sudda ishtirok etish huquqini berish onlayn amalga oshiriladi.
Raqamli ishonchnoma amaliyoti shaxsiy hujjatlar nusxalarining ortiqcha ko‘payishini cheklaydi, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlaydi va huquqiy jarayonlarni soddalashtiradi.
Yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolar
Smart ID tizimini joriy etish oson ish emas: birinchi navbatda infratuzilma va jihozlar (card-reader) yetishmasligi hamda chekka hududlarda tarmoq va elektr ta’minoti muammolari mavjud ekanligi bo’lsa, ikkinchi muammo - ba’zi tashkilotlarning hujjat nusxalarini olishda an’anaviy usullarni qo‘llashda davom etishi bo'ladi.
Bundan tashqari, PIN kod va parollarni o‘g‘irlash, telefon yoki kompyuterning zararli dasturlari xavfi mavjud. Shu sababli ikki bosqichli tasdiqlashdan (SMS yoki ilova orqali) foydalanish, shuningdek maxsus xavfsizlik qurilmalari va ma’lumotlarni shifrlash usullarini qo‘llash lozim.
Qonun bilan Smart ID kartalar joriy etilsa, ID kartadan nusxalarini olish va saqlashni cheklash kerak bo‘ladi.
Mutaxassislar esa avval bu loyihalarni sinovdan o‘tkazish, card-reader yoki mobil identifikatorlar bilan ta’minlash, odamlarni o‘qitish va qat’iy nazorat o‘rnatishni tavsiya qilishadi.
Xulosa
Shunday qilib, Smart ID tizimiga o‘tish nafaqat AML va KYC talablarini zamonaviy talablarga moslashtiradi, balki fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ham ta’minlaydi. Shu bois, O‘zbekiston uchun ham bu tizimga bosqichma-bosqich o‘tish - shaxsni aniqlashning zamonaviy, xavfsiz va ishonchli yo‘lini tanlash imkoniyatini beradi.