4 min read

Qish kelmoqda, havo yana ifloslanadi! Qanday himoyalanish kerak?

Qish kelmoqda, havo yana ifloslanadi! Qanday himoyalanish kerak?

So‘nggi yillarda Toshkent aholisi orasida "bugun havo juda og‘ir", "ko‘chaga chiqsa bosh og‘riydi" degan gaplar tez-tez eshitila boshladi. Bu bejiz emas - Toshkentda havo sifati tobora yomonlashib bormoqda. Hatto joriy yilning oktabr oyida shahar dunyo bo‘yicha eng iflos havoli shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 6-oktabr kuni Toshkentdagi havoda PM2.5 zarrachalar miqdori me’yordan olti barobar yuqori bo‘lgan.

Bunga sabablar yetarlicha. Avvalo, shaharda transport vositalari juda ko‘pligi, ularning aksariyati eskirganligi, qurilish ishlari, sifatsiz yoqilg‘i, sanoat korxonalari hamda qish mavsumida ko‘mir yoqish - shu kabi omillar havo ifloslanishini yanada kuchaytirmoqda.

Buning oqibatida nafaqat tabiat, balki odamlarning sog‘lig‘i ham zarar ko‘rishi tabiiy. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkent aholisi orasida nafas yo‘llari kasalliklari va allergik holatlar tobora ko‘paygan. Jahon bankining hisobotida esa shahar aholisining qariyb 83 foizi havosi ifloslangan hududlarda istiqomat qilayotgani qayd etilgan.

PM zarrachalari

Havo ifloslanishida eng katta xavf tug‘diruvchi omillar PM2.5 va PM10 zarrachalari hisoblanadi.  PM qisqartmasi "Particulate Matter", ya’ni havodagi mayda chang va chiqindi zarrachalari. Ular inson soch tolasidan ham kichik bo'lib ko'zga ko'rinmaydi.

Manba: arb.ca.gov

PM10 - diametri 10 mikrometrgacha bo‘lgan zarrachalar bo‘lib, ularni inson nafas yo‘llari osonlikcha qabul qiladi va yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi.

PM2.5 - diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan juda mayda zarrachalar bo‘lib, ular o‘pkaga chuqur kirib, yurak-qon tomir kasalliklari, allergiya hamda uzoq muddatli sog‘liq muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Sog'liq uchun eng katta xavfni aynan PM2.5 zarralari yuzaga keltiradi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Toshkent havosining ifloslanishi, ayniqsa PM2.5 va PM10 darajalarining ko‘tarilishi, aholi salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ko‘chada va uyda havodan himoyalanish choralarini ko‘rish muhim.

Ko‘chada havoning ifloslanishidan saqlanish

Agar siz ko'chada bo'lsangiz havo ifloslanishi kuchaygan paytlarda niqob taqishning ahamiyati katta. Dorixonada sotiladigan oddiy tibbiy niqoblar PM2.5 kabi mayda zarralarni to‘sishda samarali emas, shuning uchun maxsus himoya niqoblaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Manba: canadastrong.ca

N95 niqob – eng mashhuri  hisoblanib, havodagi 95% zarrachalarni (shu jumladan PM2,5 ni ham) filtrlash qobiliyatiga ega.

FFP2 niqob – N95 ga o‘xshash, Yevropa standartiga mos keladi va havodagi mayda zarralarning 94% ini o‘tkazmaydi.

FFP3 yoki N98 niqob – eng yuqori darajali himoyani ta’minlaydi. Havodagi 99% zarrachalarni, shu jumladan eng mayda chang va mikroblarni ham o‘tkazmaydi. Shuning uchun, imkon bo‘lsa FFP3/N98 niqobdan foydalanish eng xavfsiz yo‘l sanaladi.

Havo ifloslangan paytlarda ko‘chada kamroq harakat qilish tavsiya etiladi, chunki yugurish yoki tez yurish natijasida havodagi zararli zarralar nafas yo‘llariga ko‘proq kirishi mumkin.

Uyda havoning ifloslanishidan saqlanish

Havo ifloslangan paytlarda uyda ham ehtiyot choralarini ko‘rish zarur. Eng avvalo, derazalarni zich yopib, tashqaridan iflos havoning kirishini oldini olish kerak. Shamollatishni faqat havo sifati yaxshilangandan so‘ng amalga oshirish lozim.

Changyutgichdan foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki ko‘pchilik changyutgichlarda HEPA filtri bo‘lmaydi va ular changni xonaga qayta tarqatishdan boshqa narsa qilmaydi. Buning o‘rniga nam latta bilan artish yoki nam tozalash usulini qo‘llash mumkin, ammo bu faqat ko‘zga ko‘rinadigan changni yo‘qotadi - PM2.5 kabi mayda zarrachalarni tozalay olmaydi.

Xona ichidagi namlik darajasini me’yorida saqlash, o‘simliklarni ortiqcha sug‘ormaslik, hamda chang yig‘iladigan joylarni muntazam artib turish ham havoni nisbatan toza saqlashga yordam beradi.

Ushbu oddiy ehtiyot choralari ham havodagi zararli zarralarning ta’sirini kamaytiradi. Ammo, ba’zan bu choralarning o‘zi yetarli bo‘lmaydi - ayniqsa, uzoq vaqt davomida iflos havo kuzatilayotgan paytlarda. Bunday holatlarda uy sharoitida havoni tozalovchi maxsus qurilmalardan foydalanish yanada yaxshi yechim bo‘lishi mumkin. Quyida ularning eng mashhur turlari bilan tanishamiz.

Havo tozalagich

Manba: rtings.com

Bu eng oddiy va nisbatan arzon yechimlardan biri hisoblanadi. Qurilma havodagi chang, allergen, tutun va PM2.5 zarrachalarini HEPA filtri yordamida tozalaydi. Sotib olishdan oldin mustaqil sinov natijalarini sinchiklab o‘rganish muhim, chunki bozorda sifatsiz, shunchaki "filtrlaydi" deb reklama qilingan modellarning samaradorligi past bo‘ladi.

Bu tozalagichning birdan bir kamchiligi faqat xona ichidagi havoni aylantirib tozalab beradi. Kislorodga to’yingan havoni esa biz oynani ochibgina olishimiz mumkin. 

Tashqi havo uzatish ventilyatsiyasi

Manba: tion.global

Ikkinchi yechim bu tashqi havo uzatish ventilyatsiyasi yoki "Breezer" deb ham atashadi. Devorga o‘rnatiladigan qurilma bo‘lib, tashqaridan toza havoni xonaga olib kiradi va uni HEPA filtri orqali tozalaydi.

Qurilmani o‘rnatish uchun devorni teshish zarur bo‘lgani bois, bu biroz texnik ish talab etadi. Narxi oddiy havo tozalagichnikidan yuqoriroq. Ba’zi zamonaviy modellarida tashqaridan kirayotgan havoni isitish yoki sovutish funksiyasi ham mavjud. 

To'liq ventilyatsiya

Manba: airclimat.ru

Eng mukammal, biroq eng qimmat va murakkab yechim hisoblanadi. Tizim bir vaqtning o‘zida toza havoni ichkariga kiritib, iflos havoni tashqariga chiqaradi. HEPA filtri havo sifatini ta’minlaydi, rekuperator esa qishda tashqaridan kirayotgan havoni isitadi, yozda esa sovitadi. Natijada uyingizda doimo toza, yangilangan va qulay havo muhiti yaratiladi.

Biroq, bunday tizimni o‘rnatish oson emas - devor va shiftlar orqali quvurlar o‘tkazilishi lozim, shuning uchun ko‘pincha ta’mirlash yoki qayta loyihalash talab etiladi.

Xulosa 

Yuqorida keltirilgan maslahat va tavsiyalar hozirgi kunda juda muhim ahamiyatga ega, chunki Toshkentda havo ifloslanishi aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. PM2,5 va PM10 miqdorlarining ko‘payishi nafas olish yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir muammolari va allergiyalar xavfini keskin oshiradi. Shu bois, tabiatni va o‘z sog‘ligimizni asrash uchun harakat qilishimiz, havoni ifloslantirishdan saqlanishimiz va himoya choralarini ko‘rishimiz zarur.