3 min read

ID kartani jarimasiz almashtirish kiberjinoyatlarga barham bera oladimi?

Mavjud ID kartani jarimasiz almashtirish qanday qilib kiberjinoyatlar sonini kamayishiga olib keladi.
ID kartani jarimasiz almashtirish kiberjinoyatlarga barham bera oladimi?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kiberjinoyatlar keskin ko‘paydi: murojaatlar va hujumlar soni ortdi, shuningdek, fuqarolar moliyaviy jihatdan ko‘proq zarar ko‘rmoqda. Rasmiy ma’lumotlar va tahlillarga ko‘ra, 2021-2024-yillarda onlayn jinoyatlar: asosan bank kartalari orqali noqonuniy pul yechish va kiberfiribgarliklar oqibatida fuqarolar jami 1 trillion 909 milliard so‘mdan ziyod zarar ko‘rgan. Kiberjinoyatlarning qariyb 98 foizi bank kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning 60 foizi zararli havolalar va ilovalar orqali karta yoki mobil qurilmaga ruxsatsiz kirish yo‘li bilan amalga oshirilgan.

Shuningdek, SMS kodlarni o‘g‘irlash, onlayn kredit rasmiylashtirish va elektron savdo platformalaridagi firibgarliklar ham keng tarqalgan holat hisoblanadi. 2024-yilda kiberjinoyatlar umumiy jinoyatlarning 44,4 foizini tashkil etgan, ya’ni har ikkinchi jinoyat axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan. Bu 2023-yildagi 6,2 foizlik ko‘rsatkichga nisbatan 38,2 foizga o‘sishni anglatadi.

Kiberjinoyatlar orasida shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari ham tobora ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, bank kartalari va shaxsiy guvohnomalar (ID kartalar) bilan bog‘liq ma’lumotlar eng ko‘p nishonga aylanmoqda. ID karta shaxsga tegishli eng muhim hujjatlardan biri hisoblanadi. ID kartaning skanerlangan nusxasi, seriya raqami yoki boshqa identifikatorlari firibgarlar tomonidan noqonuniy xarid, kredit olish, notarial harakatlarni soxtalashtirish va boshqa qonunga xilof ishlar uchun qo‘llanilmoqda.

Bugungi kunda banklar, mehmonxonalar, turoperatorlar va davlat tashkilotlari mijozdan shaxsiy guvohnoma nusxasini yoki fotokopiyasini talab qilishi tabiiy. Bu  foydalanuvchi uchun qulaylik sifatida taqdim etilsa-da, aslida shaxsiy ma’lumotlarning ko‘payishi va noto‘g‘ri saqlanishi xavfini oshiradi. Har bir tashkilotning guvohnoma nusxasini qanday saqlashi, kimlarning qo‘liga tushishi va bu ma’lumotlar qay tarzda himoyalanishini nazorat qilish qiyin. Shu sababli shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi va keyinchalik firibgarliklar uchun foydalanilishi ehtimoli ortadi.

ID kartani jarimasiz almashtirish qanday qilib kiberjinoyatlarni oldini oladi

Hozirda yo‘qolgan shaxsiy guvohnomani almashtirishda ma’lum miqdordagi jarima qo‘llaniladi. Ushbu siyosatning asosiy maqsadi fuqarolarning shaxsiy guvohnomalariga nisbatan mas’uliyatini oshirishdir. Agar almashtirish doimo bepul bo‘lsa, fuqarolar o‘z shaxsiy guvohnomalarini e’tiborsiz saqlashi yoki noto‘g‘ri foydalanishi ehtimoli yuqori.

“Pasportni yo‘qotganlik uchun jarima to‘lash yoki uni oshirish – mantiqsizlik” – deputat

Jarima joriy etilmasa, odamlar umuman mas’uliyatni his qilmasliklari mumkin. Buning oqibatida yo‘qolgan shaxsiy guvohnomalarni tez-tez almashtirish, pasport idoralarida navbatlarning ko‘payishi va davlat byudjeti xarajatlarining keskin oshishi kuzatiladi.

Bundan tashqari, jarimaning yo‘qligi fuqarolarning shaxsiy guvohnomalarini garov sifatida qoldirish yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yishlariga ham sabab bo‘ladi.

Lekin fuqaroning guvohnomasi yo‘qolmagan bo‘lsa, uni jarimasiz almashtrish imkoniyati bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Fuqaro o‘zining shaxsiy guvohnomasidan noqonuniy foydalanilayotganidan gumonlansa, ichki ishlarga murojaat etishi kerak. Ammo amaldagi guvohnomani topshirib, yangi hujjatni jarimasiz olish haqida rasmiy tartib yo‘q. Bunday holat yuz bergan taqdirda ham, u keng qo‘llanilmaydi. Shubha uyg‘otadigan holatlarga misol sifatida noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, sizga tegishli barcha ma’lumotlarga ega ekanliklarini ta’kidlashi, siz foydalanadigan onlayn xizmat kiberhujumga uchrashi, guvohnomani elektron nusxasini internet tarmoqlari orqali junatish kiradi. Bunday holatlarda ID kartangiz boshqa shaxslar tomonida noqonuniy maqsadlar uchun ishlatilishi mumkin deb hisoblash uchun asos bo‘la oladi.

Hozirda ID kartangiz qo‘lingizda bo‘lsa-yu, shunchaki yangi karta olishni xohlasangiz, bunday almashtirish amalda keng qo‘llanilmaydi. Hozirgi kunda bunday almashtirish uchun aniq belgilangan rasmiy qoidalar mavjud emas. Ba’zi hollarda fuqaroning arizasiga binoan almashtirish mumkindir, biroq guvohnoma almashtirish tartibi hali to‘liq ishlab chiqilmagan va hududlar bo‘yicha farq qilishi mumkin.

Shunday qilib har bir fuqaro oldindan sodir bo'lishi mumkin bo'lgan kiberjinoyatni oddiy amaliyot - ID kartani yangisiga almashtirish bilan oldini olishi mumkin bo'ladi. Bu o'z o'rnida hozirda iqtisodiyotga yetkazilayotgan zararni hamda kiberjinoyatlar sonini kamaytirishda yordam beradi.

Fuqaro yangi shaxsiy guvohnoma olgandan so‘ng uning eski guvohnomasi bilan jinoyat sodir etilsa, o‘zini huquqiy jihatdan himoya qila oladi, bu holat bank yoki sud qarorlarida muhim dalil sifatida xizmat qiladi. Biroq bunday amaliyotning o‘ziga xos tartibi bo‘lishi shart. Undan noto‘g‘ri foydalanish va fuqarolarning o‘z manfaati yo‘lida suiiste’mol qilishining oldini olish uchun qat’iy cheklovlar joriy etilishi lozim. Masalan, bir yil davomida shaxsiy guvohnomani almashtirish faqat 4 martadan oshmasligi belgilab qo‘yilishi kerak.

Shuningdek, shaxsiy guvohnomani yangilash uchun ariza topshirib, ayni paytda eski guvohnoma orqali kredit olish kabi g‘ayriqonuniy amaliyotlarning oldini olish zarur. Bunday holatlarda fuqarolar "men kredit olmaganman, kreditni boshqa shaxs olgan, men shaxsiy guvohnomamni yangisiga almashtirib bo‘lganimdan keyin kredit olingan" kabi bahonalar bilan javobgarlikdan qochishga urinishlari mumkin.

Bunday firibgarliklarning oldini olish uchun barcha davlat organlari, shu jumladan Markaziy bank va moliyaviy tashkilotlar bilan integratsiyalashgan yagona elektron baza yaratilishi va eski guvohnomalardan foydalanish imkoniyati cheklanishi zarur. Bu orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari himoyalanadi va noqonuniy foydalanish holatlari kamayadi.

Xulosa

O‘zbekistonda kiberjinoyatlar tez sur’atda ko‘payib borayotgani yangi himoya mexanizmlarini joriy etishga undamoqda.  Buning uchun yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek aniq huquqiy mexanizm yaratish, markazlashgan reyestr tuzish, banklar va moliyaviy tizimlar bilan real vaqtda integratsiyani ta’minlash hamda fuqarolarni xabardor etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish zarur.

Mavjud ID kartani jarimasiz yangisiga almashtirish amaliyoti kiberjinoyatlarni sonini sezilarli darajada kamaytira oladi deb hisoblayman.