Frilanserlikni nimadan boshlash kerak
Tabriklayman siz judayam qiziq va qiyin kasbni tanlabsiz. Frilanser sifatida ishlashning sababi har xil bo'lishi mumkin. Balki siz yashayotgan shaxarda sizga qiziq bo'lgan ish yo'qligidan, balki masofadan turib ishlash sizga qiziq, yoki boshqa mamlakatlarning loyihalarida ishlamoqchisiz. Qaysi sabab bo'lganda ham hozirda frilanser sifatida ishlash ko'pchilikning orzusi. Shunday qilib siz frilanser sifatida ishlashni boshlamoqchisiz. Endi qiziq va muhim bo'lgan savollardan biriga javob topishimiz kerak.
Frilanserlikni nimadan boshlash kerak?
Ko'pchilik o'quv markazida o'qish kerak, yoki IT sohasiga oid bo'lgan bilimlardan boshlash kerak deb o'ylashadi, aslida unday emas. Frilanserlikni har doim til o'rganishdan boshlash kerak. Siz bilgan yoki o'rgangan xorijiy til siz qaysi mijozlar bilan ishlashingiz mumkinligini, boshqacha qilib aytganda siz ishlaydigan bozorni belgilab beradi.
Masalan, siz rus tilini bilsangiz O'rta Osiyo mamlakatlaridagi mijozlar bilan ishlashingiz mumkin. Fransuz tilini bilsangiz, Fransiya va qisman Kanadalik mijozlar bilan ishlash mumkin. Eng universal til, ingliz tili hisoblanada, ushbu tilni bilsangiz siz barcha g'arb mamlakatidagi mijozlar bilan ishlashingiz mumkin.
Xorijiy tilni bilmasdan ishlashni imkoni yo'qmi? Afsuski, buni imkoni mavjud emas, chunki siz mijoz tomonidan berilgan talablarni aniq tushuna olishingiz va mijoz muammolariga yechimlar taklif qila olishingiz kerak. Mijoz bilan muloqot qilmasdan topshirilgan vazifani bajarishni imkoni yo'q.
Siz hech qanday xorijiy tilni bilmaysiz
Misol tariqasida shunday holatni olaylik, siz hech qanday xorijiy tilni bilmaysiz va o'rganishga tayyorsiz. Qaysi xorijiy tilni tanlash kerakligini sizga maslahat bermayman chunki o'zingiz imkoniyatingizdan kelib chiqish tanlaganingiz ma'qul. Asosiysi bir vaqtning o'zida bir necha xorijiy tilni o'rganishga harakat qilmang. Endi, xorijiy tilni o'rganish o'rtacha 1-3 yilgacha vaqt olishi mumkin, bu vaqt oralig'ida siz uziz uchun hal qilishingiz kerak bo'lgan masala bu qaysi sohada ishlashingiz.
Masofadan ishlash uchun faqat dasturlashni bilish kerak emas, juda ham ko'p xizmatlarni masofadan turib amalga oshirish mumkin. Dasturlashdan tashqari siz quyidagi xizmatlarni taklif etishingiz mumkin:
- Kontent va yozuv
- Dizayn va kreativ
- Media va video
- Marketing va reklama
- Moliyaviy va biznes
- Ta'lim va maslahatchilik
Yana bir siz qilishingiz kerak bo'lgan vazifa bu bozorni o'rganish, boshqalar qanday xizmatlar ko'rsatayotganligini bilish hisoblanadi. Shunday holat bo'lishi mumkin, siz ko'rsatmoqchi bo'lgan xizmat uchun bozor mavjud bo'lmasligi yoki bozor juda kichik bo'lishi. Bunday holatda afsuski siz mustaqil frilanser sifatida ishlashingiz uchun yetarli darajada loyihalar topa olmaysiz.
Soha tanlashda har doim o'zingizga qiziq bo'lgan sohani tanlang sababi boshidagi qiyinchiliklarni yengib o'tishda sizga yordam beradigan narsa sizni qiziqishingiz bo'ladi. Aks holda, tez fursatda qiziqishni yo'qotish va boshlagan ishingizni tashlab ketish ehtimoli yuqori. Yuqorida aytib o'tganimdek, sizda o'rtacha til o'rganish uchun 1-3 yil vaqt bo'ladi va siz yangi kasbni o'rganishni bir vaqtni o'zida olib borishingiz kerak. Birinchi tilni o'rganaman keyin sohani tanlayman deyish xato bo'ladi.
Bir muhim aytib o'tishim kerak bo'lgan ma'lumot qay darajada tilni bilish kerak. Boshlanishiga o'qish va yozishni o'zi yetarli chunki katta ehtimol bilan siz mijoz bilan suhbatlashmaysiz, balki barcha suhbat tekst orqali amalga oshiriladi. Xorijiy tilda ravon suhbatlashish talab etilmaydi. Qo'shimcha ravishda siz sohaga oid terminlarni bilishingiz kerak bo'ladi. Shu sababli ham kasb va tilni bir vaqtda o'rganishni tavsiya qildik, chunki siz xorijiy tilni o'rganib bo'lib sohani o'rganishni boshlasangiz siz uchun tushunarsiz bo'lgan holatlar ko'p uchraydi.
Yana bir maslahat til o'rganishni boshlash bilan frilans platformalardan ro'yxatdan o'tib qo'ying. Chunki tilni o'rganib bo'lganingizdan keyin sizni profilingiz kecha yaqinda ochilgan emas, balki 1-2 yil oldin ochilgan profil bo'ladi va bu mijoz topishda ozgina bo'lsa ham yordam beradi.
Siz xorijiy tilni bilasiz
Agar siz xorijiy tilni bilsangiz, ya'ni matnlarni tushunasiz va matn orqali o'z fikringizni ifoda eta olasiz. Demak, siz loyiha qidirishga tayyorsiz. Til masalasini hal qilib olish bizga mijozlarni qayerdan qidirish kerak degan savolga javob beradi. Misol tariqasida fransuz tilini olamiz. Siz Fransiya va Kanadaning fransuz tilida ish yuritadigan frilans birjalarini topishingiz kerak bo'ladi. Google orqali qisqa qidirishdan so'ng men quyidagi platformalarni topdim:
- Codeur
- Malt
- ComeUp
- LeHibou
Ushbu platformlarda fransuz tilini bilish talab etiladi, boshqa ommabop frilans platformalardan farqi shundaki raqobat mahalliy platformalar kam. Lekin bunday platformalarni kamchiligi loyihalar soni kam va ba'zi bir platformalarda to'lov usullari chegaralangan bo'lishi mumkin. Bir muhim narsaga e'tibor bering ba'zi platformalarda boshqa davlat fuqaroligi yoki rezidentligi talab qilinadigan loyihalar bo'lmasligi kerak, siz bunday loyihalarda ishlay olmaysiz va bekorga vaqt sarflaganingiz qoladi.
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan frilans birjalar mahalliy birjalar edi. Lekin siz ish topishingiz mumkin bo'lgan yana global frilans birjalar mavjud. Frilans mavzusi sizga tanish bo'lsa ular haqida eshitgansiz, bular:
- Upwork
- Fiverr
- Freelancer
- Toptal
- Guru
- PeoplePerHour
Bunday platformalarda loyihalar ko'p va ular o'rtacha byudjeti yuqori lekin raqobat ham shunga yarasha. Siz o'zingiz uchun qaysi platforma ma'qul kelsa, o'sha platformadan foydalanishingiz kerak.
Xizmatlaringizni taklif qilishni boshlang
Qaysi platformalarda ishlashingiz aniq bo'lgandan so'ng, ro'yxatdan o'tib frilanser profilini yaratishingiz kerak bo'ladi. Eng oson yo'l boshqalar o'z profillarini qanday to'ldirganligini ko'zgan kechirib chiqing. Ilojisi bo'lsa sun'iy intellekt yordamida profil to'ldirmang. Boshqalarni profilini o'qib chiqqaningizdan keyin siz nima haqida yozish kerakligini tushunasiz.
Profil tayyor bo'lganidan so'ng xizmatlaringizni taklif qilishni boshlasangiz bo'ladi. Lekin bir narsaga e'tibor bering har bir platformani o'ziga yarasha tartib va qonun qoidalari mavjud. Ular bilan tanishib chiqishni maslahar beraman. Xususan, ayrim platformalarda bepulga xizmat ko'rsatish mumkin emas, ba'zi platformalar mijozlar bilan platformadan tashqarida bog'lanishga ruxsat bermaydi.
Ochig'ini aytaman boshlanishida juda ham arzon narxlarda ishlashga to'gri keladi. Chunki sizni hech kim bilmaydi, sizda hech qanday mijozlar tomonidan qoldirilgan tavsiyalar bo'lmaydi. Keyinchalik sekinlik bilan narxni ko'tarib borish mumkin.
Boshqacha qilib aytganda tekinga ishlashga tayyor bo'lmasangiz frilansga kirmang.
To'lov masalasi haqida hozircha qayg'urmang, siz birinchi zakazni topguningizgacha bir necha oylar o'tib ketadi. Shunga tayyor turing. Asosiysi pul to'lashga rozi bulgan mijozni topsangiz, pulni qabul qilib olish muammo tug'dirmaydi.
Xulosa
Frilans birjalarda ishlash siz o'ylaganchalik qiyin emas, lekin vaqt va sabr talab etadi. Ko'pchilikni to'xtatib qoladigan to'siq bu til bo'lsa, boshqalar uchun esa kasbiy bilim va tajribani yetishmasligidir. Lekin ushbu maqolada ko'rsatib o'tilgan maslahatlarga amal qilsangiz, frilans karyerasini boshlay olishingizga ishonaman.