Brain drain, inson kapitali va O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta‘sir qilyapti?
Har bir davlat o‘z fuqarolariga ta’lim berish, ularni ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol qilib voyaga yetkazish uchun katta miqdorda mablag‘ sarflaydi. Bu xarajatlar shunchaki ijtimoiy majburiyat emas, balki mamlakatning kelajakdagi iqtisodiy taraqqiyoti, innovatsion salohiyati va farovonligi uchun amalga oshiriladigan strategik investitsiya hisoblanadi.
Biroq hozirgi kunda O‘zbekiston “aqllilar oqimi” (brain drain) deb ataladigan jarayon bilan yuzma-yuz kelmoqda. Ushbu hodisa yuqori malakali va intellektual salohiyatga ega mutaxassislarning mamlakat hududini tark etishi bilan namoyon bo‘lmoqda. Natijada, davlat tomonidan inson kapitaliga kiritilgan uzoq yillik sarmoyalar boshqa davlatlar iqtisodiyotining foydasiga xizmat qilmoqda.
Xavotirli jihati shundaki, bu jarayon darhol ko‘zga tashlanmaydi, biroq uning oqibatlari uzoq muddatli istiqbolda jiddiy xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi. Aqllilar oqimi nafaqat mutaxassislar yetishmovchiligiga, balki iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishiga, innovatsion rivojlanish imkoniyatlarning cheklanishiga va raqobatbardoshlikning pasayishiga ham olib keluvchi omilga aylanmoqda.
Aqllilar oqimi (brain drain) tushunchasi va mohiyati
Aqllilar oqimi - bu yuqori malakali, bilimli va tajribali insonlarning bir mamlakatdan boshqa mamlakatlarga ommaviy ravishda doimiy yoki uzoq muddatga ko‘chib ketishi jarayonidir. Bu atama birinchi bor 1950-1960-yillarda Buyuk Britaniyadan Shimoliy Amerikaga ko‘plab olimlar va shifokorlar ko‘chib o‘tgach keng qo‘llanila boshlangan.
Odatda aqllilar oqimi jarayoni rivojlanayotgan mamlakatlardan rivojlangan mamlakatlarga yo‘nalgan bo‘ladi. Ammo so‘nggi yillarda bu jarayon rivojlangan mamlakatlar o‘rtasida ham kuzatilmoqda. Ushbu jarayon xalqaro mehnat bozorining ajralmas qismiga aylanishi bilan birgalikda inson kapitali uchun xalqaro raqobatni ham kuchaytirmoqda.
Aqllilar oqimi turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Eng ko‘p tarqalgan shakllardan biri doimiy migratsiya bo‘lib, bunda mutaxassislar boshqa davlatga ko‘chib borib, u yerda doimiy yashash huquqini oladi va vataniga qaytmaydi. Ikkinchi shakli sifatida vaqtinchalik migratsiya ko‘rsatiladi. Bunda shaxslar bir necha yil davomida xorijda faoliyat yuritishadi. Amalda esa ko‘p hollarda ular qaytib kelmaydi yoki qaytib kelsa ham o‘z bilim va tajribasini to‘liq qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
Yana bir shakli bu ta‘lim migratsiyasidir. Talabalar chet el oliy ta’lim muassalarida tahsil olib, keyinchalik o‘sha mamlakatda qolib ketish qarorini qabul qilishmoqda. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 110 ming nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda 5-o‘rinni egallagan.
Aqllilar oqimiga olib keluvchi asosiy omillar
Iqtisodiy adabiyotlarda aqllilar oqimi jarayonining sabablari odatda ikki guruhga ajratiladi:
- Itaruvchi(push) omillar. Bu shaxslarni o‘z vatanini tark etishga majbur qiladigan ichki muammolar bo‘lib, ularga past ish haqi, ishsizlik, iqtisodiy beqarorlik, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarining cheklanganligi, ilmiy va texnologik infratuzilmaning yetishmasligi, siyosiy bosim va erkinliklarning cheklanishi, korrupsiya, ijtimoiy adolatsizlik, ekologik muammolar hamda xavfsizlikka tahdid soluvchi vaziyatlar kiradi.
- Tortuvchi (pull) omillar. Bu omil boshqa davlatlarda mavjud bo‘lgan jozibador sharoitlar bilan bog‘liq. Bular orasida yuqori ish haqi va barqaror mehnat bozori, zamonaviy ta’lim va ilmiy muassasalar, keng kasbiy o‘sish imkoniyatlari, erkin va adolatli muhit, kuchli ijtimoiy himoya tizimi, sifatli tibbiy xizmatlar hamda infratuzilmaning rivojlanganligi muhim o‘rin tutadi.
Har yili AQShda faoliyat yurituvchi “Fund for Peace” tashkiloti tomonidan e’lon qilinadigan Fragile States Index hisobotida “Human Flight and Brain Drain” ko‘rsatkichi e’lon qilinadi. Ushbu indeks 0 dan 10 gacha bo‘lgan shkalada baholanadi: 0 ga yaqin bo‘lsa holat nisbatan barqaror, 10 ga yaqin bo‘lsa muammo jiddiy hisoblanadi. 2024-yilgi hisobotga ko‘ra, 175 mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 4,98 ni tashkil qilgan. Eng yuqori 10 ball Samoa davlatiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakatimiz bu indeksda 4 shkalada baholangan.
Ekologik muammolar va aqllilar oqimi o‘rtasidagi bog‘liqlik
Shuningdek, ekologik muammolar bugungi kunda aqllilar oqimini kuchaytirayotgan muhim omillardan biriga aylanmoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, yer va suv resurslarining kamayishi aholining sog‘lig‘i, turmush sifati va kelajakka bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Orol dengizining qurib borishi mintaqadagi eng yirik ekologik fojialardan biri hisoblanadi. Bu jarayon natijasida havo tarkibida tuz va chang miqdori ortib, ichimlik suv manbalari qisqarib, tuproq sho‘rlanish darajasi kuchaymoqda.
Suv tanqisligi, ifloslangan ichimlik suvi va kimyoviy moddalarning ortiqcha qo‘llanilishi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Bu holatlar yashash sharoitlarini og‘irlashtirib, aholining farzandlarini sog‘lom muhitda tarbiyalash imkoniyatini cheklamoqda. Natijada, ko‘plab yoshlar va malakali mutaxassislar ekologik jihatdan sog‘lom, xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tishga harakat qilishmoqda. Shu sababdan, ekologik muammolar nafaqat tabiatga, balki mamlakatning inson kapitaliga ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan omilga aylanmoqda.
Inson kapitali nima?
Inson kapitali atamasiga ta’rif beradigan bo‘lsak, bu insonning bilimi, ko‘nikmalari, tajribasi, sog‘lig‘i va intellektual salohiyati yig‘indisi bo‘lib, u ishlab chiqarish va iqtisodiy faoliyat jarayonida qiymat yaratish imkonini beradi. Ushbu tushunchani birinchi bor iqtisodiyot nazariyasiga Nobel mukofoti sovrindorlari T.Shults va G.Bekker tomonidan kiritilgan bo‘lib, ular ta’lim va malakaga kiritilgan sarmoyalar moddiy investitsiyalardan kam emas, balki undan ham yuqori samara berishini ilmiy jihatdan asoslab berishgan.
Inson kapitalining asosiy tarkibiy qismlari ta’lim tizimi orqali shakllanadigan bilim va ko‘nikmalar, kasbiy tayyorgarlik va amaliy tajriba, jismoniy va ruhiy sog‘liq, ijtimoiy ko‘nikmalar jumladan, muloqot, hamkorlik va yetakchilik qobiliyatlari hamda innovatsion fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyatlaridan iboratdir.
Inson kapitali iqtisodiyotda markaziy o‘rinni egallaydi. Mehnat unumdorligini oshiradi, yangi g‘oya va texnologiyalarning paydo bo‘lishiga xizmat qiladi, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini tezlashtiradi va jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda yordam beradi.
Davlat bola 18 yoshga to‘lgunicha o‘rtacha qancha sarf qiladi?
Davlat har bir bola 18 yoshga yetguniga qadar uning ta’limi, sog‘lig‘i va ijtimoiy rivoji uchun muayyan mablag‘ sarflaydi. Bir bolani tug‘ilganidan 18 yoshgacha voyaga yetkazish uchun davlat tomonidan minimal miqdorda 100–130 million so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltiriladi deb taxminiy olaylik. Bu xarajatlar maktabgacha va umumiy ta’lim, sog‘liqni saqlash xizmatlari, infratuzilma va ijtimoiy dasturlarni o‘z ichiga oladi. Agar shaxs oliy ta’limda davlat grantida o‘qisa, bu so‘mma yanada oshadi.
Davlat investitsiyasining soliqlar orqali qaytish mexanizmi
Davlat fuqaroga ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy infratuzilma orqali katta sarmoya kiritadi. Bu investitsiya asosan soliqlar orqali asta-sekin qaytariladi. Ishlayotgan fuqaro daromad solig‘i, ijtimoiy to‘lovlar, qo‘shimcha qiymat solig‘i hamda boshqa bilvosita soliqlar orqali davlat budjetini to‘ldiradi. Fuqaro yiliga taxminan 2–3 million so‘m miqdorida soliqlar to‘laydi deb qaraylik. Agar davlat bir shaxsga voyaga yetguniga qadar taxminan 120 million so‘m sarflasa, bu mablag‘ 40–50 yil ichida soliqlar orqali qaytariladi.
Biroq real iqtisodiy ta’sir faqat soliqlar bilan cheklanmaydi. Har bir malakali mutaxassis ishlab chiqarish hajmini oshiradi, xizmatlar ko‘lamini kengaytiradi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shadi. Ushbu “multiplikativ effekt” natijasida davlat investitsiyasining real qaytish muddati 20–25 yilgacha qisqaradi. Shuningdek, fuqarolar to‘lagan soliqlar yangi maktablar, shifoxonalar va ijtimoiy loyihalarga yo‘naltiriladi. Shu tariqa davlat investitsiyasi avloddan-avlodga o‘tib, jamiyat rivoji uchun uzluksiz aylanuvchi tizimni shakllantiradi.
Aqllilar oqimi sababli davlat sarmoyasining yo‘qotilishi
Davlat tomonidan katta mablag‘ evaziga tayyorlangan malakali mutaxassisning chet elga ketishi iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi. Bunda eng avvalo davlat sarflagan 100–150 million so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya qaytmaydi, chunki mutaxassis boshqa mamlakat iqtisodiyotiga xizmat qila boshlaydi. Bundan tashqari, davlat kelajakdagi soliq tushumlaridan ham mahrum bo‘ladi. Agar mutaxassis mamlakatda qolib 40 yil ishlaganida, u orqali yuzlab million so‘mlik bevosita va bilvosita daromad shakllanishi mumkin edi. Natijada umumiy iqtisodiy yo‘qotishlar dastlabki investitsiyadan bir necha barobar yuqori bo‘ladi.
Mutaxassislarning ketishi faqat moliyaviy yo‘qotish emas, balki butun bir xizmatlar tizimining zaiflashishiga olib keladi. Shifokorlar ketganda aholi salomatligiga zarar yetadi, o‘qituvchilar kamayganda ta’lim sifati pasayadi, muhandislar yo‘qligida ishlab chiqarish sekinlashadi, olimlar ketganda esa innovatsion rivojlanish to‘xtab qoladi. Eng muhim yo‘qotishlardan biri - bu bilim, tajriba va intellektual salohiyatning yo‘qolishidir. Mutaxassislar bilan birga nafaqat pul, balki mamlakatning kelajak rivoji uchun zarur bo‘lgan nomoddiy kapital ham yo‘qolib boradi.
Aqllilar oqimining byudjet, inflatsiya va kadrlar bozoriga ta’siri
Aqllilar oqimi - bu milliy iqtisodiyot uchun bevosita yo‘qotishdir. Malakali mutaxassislarning chet elga ketishi natijasida davlat ta’lim va tayyorlashga sarflagan mablag‘larini qaytara olmaydi, soliq bazasi qisqaradi va innovatsion salohiyat susayadi. Pul o‘tkazmalari qisqa muddatli daromad bo‘lib, uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishni ta’minlay olmaydi.
Mazkur jarayon byudjet mablag‘lari yetishmovchiligiga olib keladi, bu esa davlatni pul massasini ko‘paytirishga, tashqi va ichki qarzlarni oshirishga yoki soliqlarni ko‘tarishga majbur qiladi. Natijada inflatsiya bosimi kuchayadi va aholining real daromadlari pasayadi. Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislar yetishmagani sabab xorijdan qimmat narxda kadrlarni jalb qilish zarurati tug‘iladi, bu esa valyuta chiqib ketishini kuchaytiradi va iqtisodiyot samaradorligini pasaytiradi. Natijada aqllilar oqimi mehnat bozorini zaiflashtiradi, davlat moliyasini bosim ostiga qo‘yadi va uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi.
Xulosa
“Aqllilar oqimi” O‘zbekiston uchun jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammo bo‘lib, u inson kapitaliga kiritilgan davlat investitsiyalarining samarasiz bo‘lib qolishiga olib kelmoqda. Yuqori malakali mutaxassislarning chet elga ketishi soliq bazasini qisqartirib, innovatsion salohiyatni zaiflashtirmoqda hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim va texnologiya sohalarida kadrlar tanqisligini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu jarayonni qisqartirish uchun mamlakatda raqobatbardosh mehnat sharoitlarini yaratish, ta’lim va ilm-fanni yanada rivojlantirish, yoshlar va mutaxassislar uchun munosib yashash va ishlash muhitini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Inson kapitalini saqlab qolish va qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi va uzoq muddatli taraqqiyoti uchun asosiy omil hisoblanadi.